O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
So‘nggi yillarda kambag‘allikni qisqartirish uchun aholini qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlash, aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish va narx-navo barqarorligini saqlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish, meva-sabzavotchilik tarmog‘idagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, fuqarolarga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,15 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlardagi yer maydonlarini ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berish tizimi joriy etildi.
Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda joylashgan aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini suv bilan barqaror ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmlarini oshirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-54-son qaroriga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerlari, dehqon xo‘jaliklari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun Davlat budjetidan mablag‘ yo‘naltirish tartibini 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish;
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladigan kreditlarni tashabbuskorlarga loyihabay shakllantirilgan buyurtmanomalar asosida tijorat banklari orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish manbalarida nazarda tutilgan mablag‘lardan tashqari va navbatsiz rasmiylashtirish;
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 2022-yilda jami ajratilgan 100 mlrd so‘m mablag‘dan kelib chiqib, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini ishga tushirishning prognoz ko‘rsatkichlarini qayta tasdiqlash.
2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (K.A. Yuldashev) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (T.A. Sattarov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A. Pekos) hamda Moliya vazirligi (A.Y. Xaydarov) bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish uchun subsidiya mablag‘lari ajratishning to‘liq jarayoni “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishini yo‘lga qo‘ysin.
3. Moliya vazirligi tomonidan 2022-yilda suv ta’minoti og‘ir mahallalarda vertikal sug‘orish quduqlari qazish va nasos o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 2022-yilgi Davlat budjeti parametrlarida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi uchun ko‘zda tutilgan 50 mlrd so‘mga qo‘shimcha ravishda 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-oktabr,
PQ-394-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-oktabrdagi PQ-394-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3680-son qarorining 9-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Turonbank” ATB hamda AT “Xalq banki”ga” so‘zlari “tijorat banklariga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Turonbank” ATB hamda O‘zbekiston Respublikasi AT Xalq bankiga” so‘zlari “tijorat banklariga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
o‘n beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kreditlar tijorat banklari orqali bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala do‘konlari”ni qurish va ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga beriladi”;
quyidagi mazmundagi o‘n oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Jamg‘arma tomonidan aholining, dehqon xo‘jaliklari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari va a’zolarining hamda “Tomorqa xizmati” MChJlar va ishlab chiqarish kooperativlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar ajratish hamda o‘quv markazlari faoliyatini moliyalashtirish tartibi Jamg‘armaning Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi”;
b) “v” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kreditlar hududiy fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tavsiyanomasiga ko‘ra hamda har bir mahallaga mahallabay ishlash bo‘yicha biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan beriladigan tavsiyalar asosida ajratiladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4231-son qarorining 8-bandidan “2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi PQ-3680-son,” so‘zlari chiqarib tashlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4767-son qarorining 7-bandida:
a) ikkinchi xatboshidagi “har yili 1-aprel va 1-avgustga qadar” so‘zlari “har yili 1-yanvar va 1-iyulga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyiha tashabbuskorlariga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan ajratiladigan subsidiyalar 2026-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi”.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqalardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-54-son qarorida:
a) 2-bandning “b” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Mazkur garovsiz kreditlar qaytmasligi xavfi tashabbuskor hisobidan kredit olishdan oldin sug‘urtalanadi, tashabbuskor tomonidan kredit evaziga olingan asosiy vositalarga tijorat banki tomonidan taqiq qo‘yiladi.
Jamg‘armaning Vasiylik kengashi qaroriga asosan “Tomorqa xizmati” MChJlarga 300 million so‘mgacha ajratilgan garovsiz kredit uchun Jamg‘armaning tijorat banklari tomonidan garovga (depozit) olingan mablag‘larining akseptsiz undirilgan qismini qoplash maqsadida, mablag‘larni tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan Jamg‘armaning daromadlari hisobidan zaxira yaratiladi hamda Jamg‘armaning tijorat banklari tomonidan garovga (depozit) olingan mablag‘larining akseptsiz undirilgan qismi mazkur zaxira mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi”;
b) 3-bandda:
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“joriy yilda burg‘ilangan vertikal sug‘orish quduqlarini ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bo‘yicha tegishli hujjatlar keyingi yilning ikkinchi choragiga qadar qabul qilinadi hamda ushbu xarajatlar hujjatlar qabul qilingan yil mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi”;
to‘rtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshidagi “50 milliard so‘m” so‘zlaridan keyin “, bundan tashqari suv ta’minoti og‘ir mahallalarda quduq qazish va nasos o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 50 milliard so‘m” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
v) 5-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2022-yilda suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini ishga tushirishning prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
g) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2022-yilda suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini ishga tushirishning
PROGNOZ KO‘RSATKIChLARI*
|
T/r |
Hududlar nomi |
Tumanlar soni |
Mahallalar soni |
Jami quduqlar soni |
Shundan: | |
|
kichik quduqlar soni |
katta quduqlar soni | |||||
|
1. |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi |
15 |
89 |
337 |
331 |
6 |
|
2. |
Andijon viloyati |
10 |
37 |
54 |
17 |
37 |
|
3. |
Buxoro viloyati |
7 |
107 |
145 |
42 |
103 |
|
4. |
Jizzax viloyati |
9 |
64 |
207 |
134 |
73 |
|
5. |
Qashqadaryo viloyati |
7 |
104 |
333 |
268 |
65 |
|
6. |
Navoiy viloyati |
7 |
112 |
407 |
224 |
183 |
|
7. |
Namangan viloyati |
9 |
68 |
90 |
20 |
70 |
|
8. |
Samarqand viloyati |
12 |
72 |
128 |
11 |
117 |
|
9. |
Surxondaryo viloyati |
11 |
87 |
133 |
88 |
45 |
|
10. |
Sirdaryo viloyati |
4 |
18 |
29 |
|
29 |
|
11. |
Toshkent viloyati |
7 |
16 |
51 |
30 |
21 |
|
12. |
Farg‘ona viloyati |
17 |
125 |
149 |
59 |
90 |
|
13. |
Xorazm viloyati |
7 |
49 |
100 |
|
100 |
|
Respublika bo‘yicha: |
122 |
948 |
2 163 |
1 224 |
939 | |
* Mazkur prognoz ko‘rsatkichlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflariga asosan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin”.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-55-son qarorida:
a) 1-bandda:
“b” kichik bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala do‘konlari”ni qurish va ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga;
bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga”;
b) 2-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladigan kreditlar tashabbuskorlarga loyihabay shakllantirilgan buyurtmanomalar asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish manbalarida nazarda tutilgan mablag‘lardan tashqari va navbatsiz rasmiylashtirib beriladi.
Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga, Jamg‘arma resurslarini tashabbuskorlarga tijorat banklari tomonidan Yagona elektron platforma orqali rasmiylashtirish jarayonlarini to‘liq muvofiqlashtirish vakolati beriladi”;
v) 5-bandning to‘rtinchi xatboshisi “to‘liq so‘ndirilmagan” so‘zlaridan keyin “(Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladigan kreditlar bundan mustasno)” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
g) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va tijorat banklarining Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari tomonidan tashabbuskorlarga bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun ajratilgan kreditlar muddatini hamda resurslarni Jamg‘armaga qaytarish grafigidagi muddatlarni mazkur qarorning 1-bandi “b” kichik bandi to‘rtinchi xatboshisida belgilangan muddatlarga mos ravishda uzaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 07/22/394/0920-son)