O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“AGROBANK” AKSIYADORLIK TIJORAT BANKI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son qarorini bajarish yuzasidan va uning samarali faoliyati tashkil etilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki Kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga hamda iqtisodiyotning agrosanoat sektori korxonalariga kredit berish va ularni moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini va qulayligini oshirishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli bank siyosatini shakllantirish, shuningdek aholiga hamda qishloq tadbirkorlariga keng ko‘lamli bank va konsalting xizmatlari ko‘rsatish;
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalarga, shu jumladan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi va “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiradigan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va sotishga ixtisoslashgan korxonalarga yuqori sifatli, jahon bozorida raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etishga hamda ichki iste’mol bozorini yuqori sifatli oziq-ovqat tovarlari bilan to‘ldirishga ko‘maklashish maqsadida kredit berish va ularni moliyalashtirish mexanizmlarini izchil takomillashtirib borish;
bankda zamonaviy korporativ boshqaruvni shakllantirish va bank ijro etuvchi organining samarali faoliyatini ta’minlash;
bankning maqbul darajada kapitallashuvini, likvidliligini unga yuklangan vazifalarning bajarilishi va majburiyatlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun yetarli darajada saqlab turish;
universal tijorat banki sifatida bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga kompleks xizmat ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratish;
qishloq joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan bank-moliya infratuzilmasini faollashtirish va kengaytirish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga markaziy apparati tarkibida kreditlarning qaytariluvchanligi monitoringini olib borish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etish tavsiya qilinsin, quyidagilar maxsus guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kredit mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tizimli ravishda chuqur tahlil qilish;
bank filiallarida moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, kredit portfeli holatini, shuningdek kreditlarning ta’minlanganligi va ulardan maqsadli foydalanilishi holatini monitoring qilish va xolisona baholash;
kreditlarning qaytariluvchanligi darajasini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi “Paxta-bank” aksiyadorlik tijorat banki chiqargan aksiyalarni “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni va yangidan chiqarilayotgan aksiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishni yig‘imlar undirmasdan amalga oshirsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki Kengashi va boshqaruvi:
bir oy muddatda bank ustavini ishlab chiqsin va aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida tasdiqlasin, shuningdek bankni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarning zarur paketini tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etsin;
bankka yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi zarurligidan kelib chiqqan holda bank hamda uning filiallari tuzilmasini va shtatlar jadvalini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bankning markaziy apparati va uning filiallarini banklarning bo‘linmalarida va fermer xo‘jaliklariga, paxta tozalash va donni qayta ishlash sanoatining paxta va don mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va sotishga ixtisoslashgan korxonalariga kredit berish sohasida ish tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlasin.
7. O‘zbekiston banklar uyushmasi va Bank-moliya akademiyasi 2009-yil mobaynida “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki mutaxassislari uchun, o‘qitish haqini undirmagan holda, fermer xo‘jaliklariga, paxta tozalash va donni qayta ishlash sanoatining paxta va don mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va sotishga ixtisoslashgan korxonalariga kredit berish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilishini ta’minlasinlar.
8. “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga Milliy teleradiokompaniya, Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zbekiston banklar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda 2009-2010-yillarda ommaviy axborot vositalarida bank faoliyatini hamda uning tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni keng yoritish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 31-mart,
89-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-martdagi 89-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki kengashining
TARKIBI
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.
| 1. | Mirziyoyev Sh.M. | — | O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Kengash raisi |
| 2. | Tursunov Yo.E. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari, Kengash raisining o‘rinbosari |
| 3. | Lavozimiga ko‘ra | — | Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari |
| 4. | Eshmatov M.Yo. | — | Markaziy bank raisining o‘rinbosari |
| 5. | Omonov F.B. | — | “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi |
| 6. | G‘anixo‘jayev B.F. | — | Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari |
| 7. | Xidirov Ya.S. | — | Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi direktori |
| 8. | Otajonov N.S. | — | “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi |
| 9. | Qudratov E.K. | — | “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining raisi |
| 10. | Nurmatov Sh.I. | — | “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasining raisi |
Izoh. Kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar Bank kengashi tarkibiga kiritiladi.
(ilova matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-iyundagi 442-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 26-son, 593-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 14-son, 158-modda; 2017-y., 26-son, 593-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 09/18/499/1439-son, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)